QORAQALPOQ
XALQ EPIK MEROSI
(mp3 shaklida ko`chirib
oling)
Qoraqalpoq
xalqi baxshilarining musiqiy merosiga bag‘ishlangan
mazkur disk, UNESCO* homiyligida, shuningdek,
Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistondagi bir qator
madaniy muassasalar bilan hamkorlikda 2010-yilda
o‘tkazilgan loyiha samarasidir. Qoraqalpog‘iston
miqyosida amalga oshirilgan ushbu loyihada 300ga
yaqin vokal va instrumental asarlar yozdirib
olindi. E’tiboringizga havola qilinayotgan 22
asarni tanlab olishda bir qator ustozlar ishtirok
etishdi. Ular orasida mashhur baxshi, g‘ijjak
chaluvchi sozanda, Nukus san’at kolleji o‘qituvchisi
Tiniboy Qarimboyni alohida tilga olish lozim.
1936-yildan
buyon O‘zbekiston tarkibiga kiruvchi Qoraqalpog‘iston
Avtonom Respublikasi shimolda Qozog‘iston, janubda
Turkmaniston bilan chegaradosh. Kontinental
iqlim hukm surgan bu bepoyon cho‘lu biyobonlarda
xalq og‘zaki ijodiyoti jirov va baxshilar sharofati
bilan avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tib kelmoqda.
Jirov, bu – qahramonlik dostonlari ijrochisi.
U alpqomat qahramonning jasorati va kuch-qudratini
tarannum etadi. Uning bo‘g‘iz tovushi va yo‘g‘on
ovozi qo‘biziga mos tushadi. Jirovning ovozi
va qo‘bizi, dostonlarida madh etiluvchi qadriyatlar
tinglovchini ko‘chmanchi xalqlarning va asov
dashtning afsonaviy olamiga yetaklaydi. Baxshi
esa tamomila o‘zga pardada ijro etadi. U muhabbatni
tarannum etuvchi epik dostonlarni kuylaydi.
Uning dostonlarida oshiqlar bir-biriga yetishish
yo‘lida boshdan kechirgan sarguzashtlar hikoya
kilinadi. Baxshi dutor jo‘rligida o‘z ovozi
bilan kuylaydi. Uning ovoz pardasi, musiqa asbobi
va dostonlari mavzusi ko‘proq afsonalarni va
Markaziy Osiyo o‘troq xalqlari orzu-umidlarini
gavdalantiradi. Shu o‘rinda qoraqalpoq baxshilarining
musiqiy madaniyati bir-biriga zid kelmaydigan,
balki, bir-birini to‘ldirib turuvchi ushbu ikki
an’anaga asoslanganligini ta’kidlab o‘tish lozim.
Odatda
doston aytish bir necha soatga, ba’zan esa bir
necha kechagacha cho‘ziladi. O‘tmishda to‘y-hashamlarni
baxshi yoki jirov ishtirokisiz tasavvur qilib
bo‘lmasdi. Uning ijrosi tadbirning eng muhim
qismi hisoblangan. Tinglovchilar olov atrofida
yig‘ilar ekanlar, baxshi do‘mbirasini sozlab,
barmoqlarining chigilini yozib, «Noma boshi»
kabi termalarni ijro qilib turgan (1, 20). So‘ngra
ovozini sozlab, pand-nasihat, o‘git beruvchi
ashulalardan kuylagan (5, 8, 12). Tinglovchilar
yig‘ilib bo‘lgandan keyin bir oqsoqol ulardan
qaysi dostonni eshitishlarini so‘ragan. Tinglovchilar
dostonni tanlaganlaridan so‘ng oqsoqol fotiha
o‘qigan va baxshi o‘z ijrosini boshlagan. Bu
davrlarda televideniye, radio va boshqa ko‘ngilochar
texnologiyalar odamlar kundalik hayotiga hali
kirib kelmagan bo‘lib, baxshining hikoyasini
xuddi bir kino tomoshasi kabi qabul qilish mumkin.
Uning ovoz ohanglari ostida qahramonlar tug‘ilar
yoki halok bo‘lar, turli-tuman sarguzashtlarni
boshdan kechirar, tinglovchilar vaqtning o‘tishini
ham esdan chiqarib yuborishardi. Tinglovchilarni
qiziqtirish, o‘ziga jalb qilish, ijroni jonli
olib borish, hikoya qilinayotgan voqealarga
mos tarzda yig‘latish, kuldirish uchun har bir
baxshining o‘ziga xos musiqiy, hikoya qilish
usuli, so‘zlarga monand xatti-harakatlari bo‘lgan.
An’anaviy
qoraqalpoq jamiyatida baxshi juda muhim mavqega
ega. U avloddan avlodga o‘tib kelayotgan meros
sohibidir. Eng avvalo baxshi xotirani tashuvchidir.
Ushbu xotira tarixiy va mifologik manbalardan
olingan elementlardan iborat. Shunday qilib
bu xotira milliy o‘zlikni anglashga xizmat etadi.
Buning ustiga baxshi mohir san’atkor bo‘lib,
ushbu mahoratni o‘rgatgan ustozidan minnatdorligini
umrbod ta’kidlab o‘tadi. Dostonlarni ijro etishdagi
o‘ziga xos musiqiy estetikaga Aqimbet, Musa,
Suvej, Genjebay kabi o‘tmishdagi mashhur ustozlar
tomonidan tamal toshi qo‘yilgan. Va nihoyat
baxshining tinglovchilarga axloqiy qadriyatlarni
yetkazib berishdek ijtimoiy vazifasi ham mavjud.
Baxshi nafaqat shogirdlariga, balki, uning ovozini
va donoligini tinglashga tayyor jamoatchilikka
ham o‘rnakdir.
Shubhasiz,
so‘nggi o‘n yilliklarda yuz bergan texnik va
ijtimoiy-madaniy taraqqiyot baxshilarning ijtimoiy
mavqeini, shuningdek, ijro doirasini sezilarli
darajada pasaytirdi. Endilikda ularning xorijiy
konsertlarda, turli festival va konkurslarda,
milliy bayramlarda chiqishlari vaqt doirasida
chegaralanib, kamdan-kam holatlarda 10 minutdan
oshiq davom etadi. Buning ustiga XX asrda yuz
bergan tub o‘zgarishlar natijasida to‘y-marakalarda
baxshilar o‘rnini tobora ovoz kuchaytiruvchi
moslamalar egallab bormoqda. Shu sharoitda ba’zi
baxshilar an’anaviy musiqani estrada yo‘lida
ijro qilib ko‘rishdi. Boshqalar esa, aksincha,
eski ovoz tasmalaridan butun-butun dostonlarni
qayta tiklash ishiga kirishishgan (G. Allambergenova,
J. Piyazov). Nima bo‘lishidan qat’i nazar 1991-yilda
tashkil qilingan Nukus san’at kollejida G. O‘temuratov,
T. Qalliev, Q. Tinibaev, B. Sirimbetov kabi
ustozlar qo‘lida ta’lim olayotgan talabalar
soni so‘nggi yillarda oshib bormoqda. Yoshlardagi
bu qiziqish, shubhasiz, ulardan munosib o‘rinbosarlar
yetishib chiqayotganligini ko‘rsatadi. Buning
isboti sifatida ularning turli tanlovlarda muvaffaqiyatli
ishtirok etayotganliklarini yoki 2010-yilda
bizning loyihamizda Qoraqalpog‘istonning turli
rayonlaridan ko‘plab yoshlar ovozi yozdirib
olinganligini ko‘rsatish mumkin. Shunday qilib,
ushbu diskning chiqarilishi qoraqalpoq xalqi
epik an’analarining umri boqiyligini isbotlab,
jamiyatdagi eng e’tiborli baxshilarga hurmat-ehtirom
ko‘rsatadi, shuningdek, asrlar davomida og‘izdan-og‘izga
o‘tib saqlanib kelayotgan ota-bobolari san’atini
asrab-avaylashda yoshlarga ko‘mak bo‘ladi deb
umid qilamiz.
Frederik Leotar
Monreal, 26-oktyabr, 2011-yil |
CD
albom ma'lumotlari PDF formati
(ko`chirib
olish)
1.
Nama basi, G’. O’temuratov,
duwtar, trad.
2.
Asirim, B. Sirimbetov, voice and qobiz,
trad.
3.
Ga’lga’lay, O. O’tambetov,
voice and duwtar (N. Nuratdinov, girdjek),
trad.
4.
Saltiq, G. Xamitova, voice and duwtar
(I. Sabourova, girdjek), trad.
5.
Begler, B. O’tepbergenov, voice
and duwtar, trad.
6.
Ulli ziban, J. Piyazov, voice and qobiz,
trad.
7.
Qoshim palwan, B. Asqarova, voice and
duwtar (I. Sabourova, girdjek), trad.
8.
Ken’esli ton, M. Aekeev, voice and
duwtar, trad.
9.
Kelte nalish, Z. Ibragimova, voice and
duwtar, trad.
10.
Idiris, N. Nuratdinov, voice and duwtar
(G. Sultamuratov, girdjek), trad.
11.
Qa’wender, M. Jumatova, voice and
duwtar, trad.
12.
Tolg’aw, B. Esemuratov, voice and
qobiz, trad.
13.
Neshe gu’ller, G. Ra’metova,
voice and duwtar
14.
Besperde, T. Qalliev, voice and duwtar
(S. Qayipnazarov, girdjek, A. Atarbaev,
balaman), trad.
15.
Sa’rbinaz, G. Allambergenova, voice
and duwtar (I. Sabourova, girdjek), trad.
16.
Adin’nan, A. Seyilxanov, voice and
duwtar, trad.
17.
Sanali keldi, Z. Sheripova, voice and
duwtar, trad.
18.
Qu’nxoja, T. Qalliev, voice and
duwtar, trad.
19.
Muwsa sen yari, N. Nuratdinov, voice and
duwtar (G. Sultamuratov, girdjek), trad.
20.
Qa’nigu’l, G. Allambergenova,
voice and duwtar (I. Sabourova, girdjek),
trad.
21.
Nalish, M. Jumatova, voice and duwtar,
trad.
22.
Aq ishik, G’. O’temuratov,
duwtar, trad.
|
|
Ushbu
loyiha UNESCOning « 2003-yil Konvensiyasini
O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosiga tadbiq
qilish » nomli dasturi doirasida amalga oshirildi. |
|