|
Dilnura
Qodirjonova san’atimiz osmonida porlagan
yulduz edi. Yuksak va jarangdor ovozi,
ovozidagi ajib ehtirosi ashulaga joziba
bag`ishlar, bir eshitgan kishi yana eshitsam
der, ammo eshitib to`ymasdi.
Dilnuraning
vafoti qalblarni larzaga soldi... Undan
yuraklarda dard va armon, va haddi adosiga
yetkazib ijro etilgan mumtoz navolar qoldi.
“Ey sabo”, “Munojot”, “Qurbon o`lam”,
“Nasrulloyi”, “Samarqand ushshog`i”, “Farg`onacha
Shahnoz”, “Feruz”, “Guluzorim”, “Bir kelib
keting”... yana qay birini aytay?!..
Umid va tasalli ulkim, bu taronalar har
bir o`zbek xonadonida jaranglab yashayveradi.
Ular barobarida xonanda ham yashayveradi.
Demak, Dilnuraga o`lim yo`q.
Alloh
uni g`ariqi rahmat, shoyistayi jannat
aylasin. Quvvayi nafasini farzandlariga
ato etsin. Omiyn, Rabbul olamiyn!
KIM EDI?
Do`stlar,
gulshan aro gulg`uncha xandon kim
edi?
Bizni mast etgan o`shal bulbul, g`azalxon
kim edi?
Bilmadim aslin, namanganlikmi yo farg`onalik?
Ko`zlari jodu, ajab, zulfi parishon
kim edi?
Kuylasa har gal, u xonishdin yuraklar
suv bo`lib,
Nolish aylarkan, yana o`tlarga solg`on
kim edi?
Gar ovozin qo`ysa, to etgaydi osmon
avjiga,
Savti Ushshoqu Navo avjini olg`on
kim edi?
Sahnada
gar bo`lsa paydo Sarviguldåk qomati,
Poyiga gullar kelib, bir-bir yiqilg`on
kim edi?
Ko`ksida
dard erdi har dam, bo`ynida durdona
ham,
Oshnosi ikki ul – chin birla yolg`on,
kim edi?
Ul
go`zal Dilnura erdi, ketdi nogoh kuydirib,
Termulib bizdek yana yo`llarda qolg`on
kim edi?
O`zbekiston xalq shoiri
Jamol Kamol
|
|